Issiqko'l safari

 

Toshkentda yoz issig'i avjiga chiqqan payt. Jamilalar besh qavatli uyning beshinchi qavatida turishadi. Tomlarining usti tekis bo'lgani uchun qora saqich-bitum bilan yopilgan. Kunduzlari ko'cha asfalti qanday qizisa, ularning tomlari ham shunday qiziydi. Bitum kuni bo'yi issiqni o'ziga go'yo yig'ib oladi-yu, keyin tuni bilan uyni qizdirib chiqadi. Muxtor aka kechalari balkonda ham uxlolmay qiynaladi.

Nuqul ter quyiladi, ertalab turganda yostiqlar ho'l bo'lib qoladi. Keyin hadeb odam chanqaydi, goh xolodilnikdan sovuq kompot olib ichadi, goh krandan sovuq suv ichadi, goh choyni sovurib ichadi. Suyuqlik ko'p ichilganidan qovoqlar shishib ketadi.

Bir kun kechki payt Muxtor aka ko'chadan xursand bo'lib kirib keldi:

--Xolidaxon, - dedi Jamilaning oyisiga, - men to'rtta putyovka oldim. Saraton o'tguncha bolalarni ham salqin joyga olib ketaylik.

--Salqin joyingiz qayer?

--Issiqko'l! O'zimizning mashinada boramiz. Yo'l tayyorgarligini ko'ravering!

Jamila hali Issiqko'lni ko'rmagan edi. Uni nomiga yarasha issiq bo'lsa kerak deb o'ylardi. Oyisiga chamadonlarni yig'ishtirishda yordamlashar ekan:

--O'zimiz shunchalik issiqlab yuribmiz,-dedi. -Yana Issiqko'lga borib nima qilamiz?

--Ishing bo'lmasin, qizim. Avval boraylik. Keyin bilasan.

Ular Toshkentdan ertalab oftob chiqmasdan jo'nadilar. Hali ko'chalarda mashinalar kam. Muxtor aka oq "Jiguli"sini shahar ko'chalaridan shoshilmay haydab o'tdi-yu, Qozog'iston cho'llariga chiqqanda yelday uchirib ketdi. Asfalt yo'l oynaday tekis. Bir yarim soatda Chimkentga yetib bordilar.

Jamila ukasi Abror bilan orqa o'rindiqda o'tirgan edi. Chimkentdan keyin yo'l qorli tog'larga yaqinlashdi, havo salqin va yoqimli bo'lib qoldi. Yo'l yaxshi bo'lgani uchun mashina tekis yurib bormoqda edi. Jamila dalalarga qarab borayotib, ko'zlari uyquga ketganini sezmay qoldi. Bir vaqt uyg'onib qarasa, Jambul degan shaharga yetibdilar. Mashina baland-baland oq teraklarning soyasida to'xtab turibdi. Muxtor aka kichkina termosdan piyolaga issiq kofe quyib ichyapti.

Jambuldan naryoqda dalalar yana ham keng, havo yana ham tiniq. Bo'lik o't-o'lanlar hali sarg'aygan emas. Bora-borguncha o'ng tomonda bir-biriga tutashgan qorli tog'lar tizmasi ko'zga tashlanib turadi. Asfalt yo'l tog'larga goh sal yaqinlashadi, goh yana uzoqlashib ketadi. Qirg'izistonning poytaxti Frunze shahriga yetgunlaricha chap tomonda tekis cho'llar, dalalar, o'ng tomonda esa osmon bilan bo'ylashgan tog'lar ularni go'yo kuzatib bordi.

Muxtor aka bir kun davomida sal kam yetti yuz chaqirim yo'l bosdi. Issiqko'lgacha yana ikki yuzu ellik chaqirim bor edi.

--Endi charchadik, Frunzeda dam olamiz, - dedi-yu, Jamilalarni "Olatov" mehmonxonasiga olib bordi.

Bir kecha mehmonxonada tunab, ertasi kuni oftob chiqmasdan yo'lga tushdilar. Frunzening atrofida bog'lar, paxtazorlar juda ko'p. tekis yo'lda katta tezlik bilan ikki-uch soatlab yursalar ham bog'lar va daraxtzorlarning oxiriga yetolmas edilar.

Bir vaqt yo'lning chap tomonida kattakon daryoning toshloq o'zani ko'rindi. O'ng tomonda tog' bor edi. Mashina toqqa yaqin borganda uning ochiq derazasidan suvning shovullagani eshitildi. Jamila chap tomonga qarasa, katta bir tog' daryosi yuqoridan buralib-buralib oqib kelyapti.

Asfalt yo'l tog' yon bag'riga tarmashib chiqqan paytda daryo ulardan ancha patsda-chuqur tosh o'ngir ichida qolib ketdi. Keyin tog' yo'li aylanib-aylanib yana daryo bo'yidan chiqdi.

--Tez oqishini qara, Jamila, - dedi Muxtor aka.

--Dada, bu daryoning oti nima?

--Oti Chu. Ma'nisini bilasanmi?

--Bilmadim.

--Chavandozlar otini choptirmoqchi bo'lganda "chu!" deydi. Bu daryo tog'lardan tushib kelayotganda qirg'iz qardoshlarimiz "chu!" deyishgan bo'lsa kerak-kela-kelguncha tulpor otday yelib yuguradi.

Daryo juda tez oqqan joylarida o'zani torayib, o'zi kichrayib qolganday ko'rinadi. Lekin uning shovqiniosmonga bo'y cho'zgan ulkan tog' darasiga sig'mas edi. Atrof hammasi bir nehca ming metr balandlikdagi tog'. Mashina bir soatdan bari tog' oralig'idagi daradan yurib boryapti. Daraning tubida Chu hayqirib oqadi. Go'yo Chu afsonaviy kuch bilan tog'ni qoq o'rtasidan kesgan-u, shu darani yasagan, ekyin uni o'zining o'zaniga aylantirgan. Endi mashina uchun ham qulayroq yo'l mana shu dara bo'lib qolgan.

Daryo shitob bilan tog'dan pastga qarab yeladi. Muxtor akaning mshinasi esa tog' oralab, daryo bo'ylab, yuqoriga ko'tarilib boradi. Ular Chu ustiga qurilgan ko'prikdan narigi tomonga o'tayotganlarida tog' yon bag'irlari parovoz gudogidan yangrab ketdi. nahotki bu tog'latga poyezd chiqib kela olsa? Jamila mashina derazasidan gudok eshitilgan tomonga qaradi. Dara ichindan o'tgan temir yo'lni u endi ko'rdi. Hozir shu temir yo'ldan to'rt-beshta yashil vagon tirkalgan qora paravoz tutun burqsitib yuqoridan tushib kelmoqda edi.

Yetti yashar Abror poyezdni birinchi marta ko'rayotganday quvonib:

--Po-yezd! Po-yezd! Po-yezd! - deb ashula qilib ayta boshladi.

Yana birpas yurganlaridan keyin yo'l tog'lar orasidan tekislikka chiqdi. Chu daryosi o'ng tomonda qolib, ko'rinmay ketdi. Mashinaning motori ingraganday tovush chiqaryapti. Shunga qaraganda yo'l hali ham yuqoriga ko'tarilib boryapti.

--Hozir dengiz sathidan bir yarim ming metr baland ko'tarildik, - dedi Muxtor aka. - Yana yuz metr ko'tarilsak, Issiqko'lga yaqinlashamiz.

--Ko'l shunchalik baland bo'lsa suvi to'kilib ketmaydimi, dada? - dedi Jamila taajjub bilan.

--Tog'lar tutib turadi-da. Ana, Olatovni ko'rdingmi?

Qorli Olatov tizmasidan berida g'alati bir tekislik ko'rindi. Tusi ko'kimtir-havo rang. O'zi oftobda tovlanib turibdi. Jamila buning juda katta bir suv ekanini sezib quvonib ketdi:

--Ana, ko'l! Issiqko'l!

--Qani, qani? - so'radi Abror.

--Ana, ho', ana! Men birinchi bo'lib ko'rdim! Men birinchi!..

Mashina shitob bilan ko'lga yaqinlashib borar edi. Ko'lning bag'ri kengligi va oynaday tiniqligi yaqin borgan sari aniqroq sezilardi.

--Ana paroxod! - deb quvonib qichqirdi Muxtor aka. - Men avval ko'rdim! Paroxod!

Ko'l bo'ylab borayotganlarida kim qanday ajoyib narsani avval ko'rsa o'sha bilan maqtanar edi:

--Ana, archa! Tog' archasi! Men avval ko'rdim!

--Ana chag'alay! Suvda baliq ovlab yuribdi! Chayka! Chag'alay!

Ular "Dilorom" degan dam olish uyiga borib tushdilar.

Joylashgan uylarining derazasidan ko'lning moviy to'lqinlari ko'rinib turipti.

Tushdan keyin hammalari cho'milgani chiqdilar. Osmonda bulut bor edi. Oftob bulutning ichiga kirib ketganda ko'ldan esayotgan shamol etni junjiktirardi. Lekin qirg'oqdagi mayin qo'ng'ir qum issiqqina edi. Jamila ukasi Abror bilan goh issiq qumga ag'anar, goh ko'lga tushib, bir-birlariga suv sachratib, o'ynashar edi.

-- To'polon qilavermay jim turib suvga bir qaranglar! - dedi Xolida opa ularga. - Ana, baliqchalar suzib yuripti!

Jamila oyisining yoniga borib, suvga jim tikilib turdi. To'lqinlar bosilgandan keyin suvning tagidagi toshlari ham ko'rina boshladi. Issiqko'l shunday tiniq ediki, oftob chiqib turganda baliqlarning soyasi suv tubiga tushib ko'rinardi. Jamila ham yoni-veridan suzib o'tgan kumush baliqchalarning soyalarini avval ko'rdi-yu, keyin o'zlarini ko'zi bian izlab topdi.

Abror bitta baliqchani ushlayman deb suvga sho'ng'idi, lekin ushlolmadi. Og'zi-burniga kirgan suvni puflab, aftini burishtirdi:

--Oyi, suvi sho'r-ku!

--Ha, Issiqko'lning suvi dengizga o'xshaydi.

Ko'lning ozi ham dengizday ulkan edi Atrofi tog'lar bilan o'ralgan ko'lning kun chiqish tomoni tog'larning orasiga kirib ko'zga ko'rinmay ketgan. Shimol tomondagi tog' tizmasi qo'l cho'zsa yetadigandek yaqin. Uning sersoya jilg'alarida va baland cho'qqilarida parcha-parcha qor bor.

Ko'lning janub tomonidagi tizma tog' ancha uzoqda. O'zi ham juda baland va salobatli ko'rinadi. Bu tog'ning quyosh tushadiga terskay tomoni ko'lga qarag, shuning uchun hozir yoz paytida ham cho'qqilari qorga burkanib oppoq bo'lib turibdi.

Jamila bo'ynigacha suvga kirib, o'sha tog' tizmasiga uzoq tikilib turdi. Ko'lning behisob to'lqinlari shamol yurgan tomonga qarab yurib turibdi. Lekin Jamilaga to'lqinlar emas, narigi qirg'oqda turgan qorli tog'lar ko'l chetida sekin suzib ketayotganday tuyuldi. Jamilaning zavqi keldi, quvonchi taniga sig'may, ko'lda charchagunicha suzdi. So'ng qirg'oqqa chiqdi-da, o'zini oftobga solib, ancha vaqt isindi.

--Toshkent issiqlari esimizdan chiqib ketdi-ya! - dedi Xolida opa Muxtor akaga.