Aldar Ko'saning eshagi.

 

Xalqda : "Kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi" degan maqol bor. Aldar Ko'sa bir kuni yomg'ir urib turganda tuya emas, eshak minib uyiga kelayotgan ekan. Yuk ortilgan ikkita eshakni ham oldiga solib, haydab borayotgan ekan. Yarim tunda Samarqandning yaqinidagi Alimkent qishlog'iga yetib kelibdi. Alimkentliklar o'z qishloqlarining obodonchiligi to'g'risida sira o'ylamas ekanlar, ko'chalari doim botqoq bo'lar ekan.

Bozorning qoq o'rtasida Aldar Kop'saning eshaklari botqoqqa tiqilib qolibdi.

Aldar Kosa baqirib odamlarni yordamga chaqirsa ham, hech kim issiq ko'rpa ichidan chiqib yordamga kelmabdi. Alimkentliklarning uyqusi juda qattiq ekan. Botqoq eshaklarni tortib ketaveribdi. Aldar ko'saning o'zi ba'zo'r qutulib chiqibdi. Yuklaridan faqat bir qop loviyani arang qutqazib qolibdi.

Ertalabgacha eshaklar botib, botqoqdan quloqlarigina chiqib qolibdi. Aldar Ko'sa qayg'urib yig'lay boshlabdi.

Ittifoqo shu paytda Jonboy degan badavlat bir kishi Samarqanddan kelayotgan ekan.

--Hoy, Aldar Ko'sa, bu yerda nima qilib o'tiribsan? -- deb so'rabdi.

--Salom , boy aka, -- debdi Aldar Ko'sa, --bu yerda dam olib o'tiribman.

Ichida: "Qulog'ing ostingda qolsin", deb qo'yibdi.

--Botqoq ichidan eshak quloqlari chiqib turibdimi?!

--Ha, eshak ekib qo'ydim, -- dbedi Aldar Ko'sa.

--Nima-nima?

--Kecha uchta eshak urug'ini ekib qo'ygan edim, unib chiqyapti.

Jonboy hang-mang bo'lib qolibdi.

--Sholi, bug'doy, g'oza urug'ini ekish mumkinligini bilaman, lekin eshakning urug'ini eksa bo'ladi di, deb eshitmagan edim, --debdi.

--Ko'zingiz bormi? Eshaklar unib chiqyati-ku, --deb eshaklarning qulog'ini ko'rsatibdi Aldar Kosa.

--Eshaklar qachon o'sib katta bo'ladi? --deb so'rabdi Jonboy, --ularni qachon minish, qachon yuk ortish mumkin bo'ladi?

--Bir oydan keyin, --debdi Aldar Ko'sa, --hadeb so'ray berasizmi, boshimni aylantirib yubordingiz-ku. Yo'lingizdan qolmay ketavering-da!

Aldar Ko'sa ichida: "O'lganing yaxshi bu kuningdan", deb qo'yibdi.

--Senda urug'i bormi?

Aldar Ko'sa og'zini qiyshaytirib kulibdi, qopdagi loviyani ko'rsatibdi.

Jonboyning ochko'zligi qo'zg'ab, Aldar Kosa ko'rsatgan urug'lardan bir gala eshak o'stirib olish orzusiga tushibdi.

--Eshak urug'idan menga ham sot, --debdi.

Aldar Kosa anchagacha sotishga unamay, xo'p savdolashibdi. Axir Jonboy bir qop loviyani o'n chervonga olib, ustiga otini ham beribdi.

Aldar Ko'sa boyning otiga minibdi-yu, bosib o'ch-to'rt qamchi uribdi.

Jonboy bo'lsa yo'lning chekkasida botqoqlikdan eshaklarni ošsib chiqishini kutib o'tiribdi.

Mish-mish gaplarga qaraganda, Jonboy haliyam o'sha joyda kutib o'tirgan emish.