Berdi Baxshi kuylagan

"Alpomish" dostonidan

 

Shunda Alpomish so'radi: -- Mening Boychibor otim bormi, yo'qmi? -- Otingiz tirik, -- dedi. -- Tirik bo'lsa mening telpagimni olib borib bir iskat, -- dedi. -- Otingizning boshini to'qson tuya zanjir bilan o'rab tashlagan, -- dedi Tovkaoyim. Alpomish: -- Mayli, -- dedi. Tovkaoyim telpakni olib borib, Boychiborga iskatib edi, Boychibor quvonib, to'qson tuya zanjirni chirik ipday uzib tashladi. To'rt tegirmon toshini bir-biriga urib sindirib tashladi. Boychibor iskab-iskab zindonga kelib, Alpomishga quyrug'ini solib, bir narsa degani:

Dushman minib meni cho'lda yelmasin,

Hech bandani bizday g'arib qilmasin,

Yenging bilan o'rab quyrug'im ushla,

Qil quyrug'im nozik qo'ling qiymasin.

 

Dushman kelib mening qonim sochmasin,

Menday g'arib aqlidan hech shoshmasin,

Yenging bilan o'rab ushla quyrug'im,

Qil quyrug'im nozik qo'ling kesmasin.

 

Hech bandani bizday g'arib etmasin,

Toshga ketgan qalmoq tag'i yetmasin,

Yenging bilan o'rab quyrug'im ushla,

Qil quyrug'im qo'llaringga botmasin.

 

Alifday qomati yoyday egildi,

Bor g'ayrati to'rt oyoqqa yig'ildi,

Odamdan aqlli Boychibor hayvon,

Misoli quyonday bo'lib bukildi.

 

Chiday olmay jonvor qattiq kishnadi,

Dunyodagi bor g'ayratin boshladi,

Odamdan aqlli Boychibor hayvon,

Alpomishni chohdan olib tashladi.