Burgutlar
Bir tog' etagidagi g'orda bir shahzoda, bir ayiq, bir tulki va bir burgut yashar ekanlar. Burgut butun dunyodagi burgutlarning podshohi ekan. Ayiq ham butun dunyodagi ayiqlarning podshohi ekan. Tulki ham dunyodagi barcha tulkilarning podshohi ekan. Kunlardan bir kuni tulki va burgut bir shaharga kelibdilar. U shahar podshohining bir go'lzal qizi bor ekan. Tulki aylanib yurib, shu qizni ko'rib qolibdi va g'orga kelib shahzodaga qizni yaxshilab ta'riflab beribdi. Shahzoda shohning qiziga g'oyibona oshiq bo'libdi. Qizning vasliga yetolmay, ko'p vaqt xafa bo'lib yuribdi. Shu vaqtda burgut, ayiq va tulkilar undan nima uchun xafa ekanligini so'rabdilar. Shahzoda: "Menga o'sha shohning qizini olib bersalaringiz shunda mening vaqtim chog' bo'ladi.", debdi. Burgut o'rnidan turib, "E, shahzodam, aslo tashvish qilmang, bu ishni tulki bilan ikkimiz bajaramiz", debdi.
Shahzoda juda xursand bo'libdi. Tulki va burgutlar shaharga kelibdilar. Tulki shohning saroyiga kirib, qizning oldida dumini qilpillatib yuribdi. Burgut esa, qizninig ravog'i ustida poylab turibdi. Shohning qizi tulkini ko'rib quvlabdi, tulki sekin-sekin qizni aldab ko'chaga olib chiqibdi. Shunda burgut osmondan kelib qizni ko'tarib uchibdi va shahzodaning oldiga olib kelibdi. Tulki ham sekin kirib olibdi. Oxiri, qizni yigitga nikoh qilibdilar. Shahzoda va qiz baxtli hayot kechira boshlabdilar. Ular har kuni qizni go'rga qo'yib, ayiqni unga poyloqchi qilib, o'zlari o'rmonga ov qilgani ketishar ekan. Oradan oz vaqt o'tgach qizning otasi shaharga jar chaqirtribdi. Biroq, u qizidan darak topa olmabdi. Shunda bir jodugar kampir shohning oldiga kelib: "Shohim qizingizni men topib beraman, sevinchisiga nima berasiz?" debdi. Shoh: "Nima maqsading bo'lsa, shunga yetkazaman", debdi. Kampir shohdan bir uchar ot olib yo'lga ravona bo'libdi. Kampir borib-borib, haligi qiz turadigan g'orning ro'parasidagi o'rmonga yetibdi. Jodugar otini o'rmonga yashirib, o'zi bir musofir odam bo'lib qizning oldiga kelibdi. Shu vaqtda shahzoda, burgut va tulkilar kelib qolibdilar. Kampir ularga hiyla qilib: "Men musofirman, pulim, molim yo'q, meni sizlar shu yerda olib qolinglar, men sizlarning ovqatingizni pishirib berib yuray", deb yig'labdi. Shahzodaning kampirga rahmi kelib, g'orga olib kirib ketibdi. G'orda har kuni kampir bilan qiz qolib, ular esa ovga boribdilar. Kunlardan bir kuni kampir qizni o'rmonga tomosha qilish uchun olib chiqibdi. So'ngra jodugar qizga uchar otni ko'rsatib, "Qani, shu otga bir minib ko'raylik-chi", deb qizni mindiribdi va o'zi ham minib, qizni otasi--shoh oldiga olib kelibdi. Qiz shahzodadan ayrilganiga juda xafa bo'lib yuribdi. Kechqurun shahzoda, ayiq, tulki va burgutlar ovdan kaytishib qarasalarki, qiz va kampir yo'q. Shahzoda yana xafa bo'lib, burgut va tulkilar avvalgidek qilib, yana qizni olib kelibdilar. Bular yana farovon turmush kechira boshlabdilar.
Shoh ko'rsaki, qizi yana yo'q. U darhol butun askarlarini to'plabdi. Jodugar kampir yo'l ko'rsatibdi, so'ngra shoh barcha askarlari bilan g'or oldiga kelibdi va: "Hoy, Shahzoda! Nima uchun sen mening qizimni olib qochding, kel, urush qilamiz, qani askarlaringni chaqir!" deb dahshat solibdi. Shahzoda boshini quyi solib turarkan, ayiq bir uvillabdi, butun dunyodagi ayiqlar to'planishib, bir tomonga saf tortib turibdilar. Tulki ham bir uvillagan ekan, hamma tulkilar kelib bir tomonga turibdilar. Burgut esa, bir qichqirgan ekan, dunyodagi burgutlar tog'lardan toshlarni ko'tarib kelib tepada turibdilar. Shu vaqt shoh vaziriga ayiq va tulkilarni ko'rsatib: "Askari oz ekan, urushni boshlaymiz", debdi. Vazir dono ekan, yuqoriga qarab, burgutlarni ko'rib, yuragi yorulguday bo'libdi. Vazir shohga qarab:
--Shohim, tepangizga qarang! Uni ko'ryapsizmi? Urush qilmaymiz, shahzoda bilan yarash qilamiz, --debdi. Shoh bu holni ko'rib, darrov shahzoda bilan yarashibdi va u shahzodani o'z yurtiga kuyov qilib olib ketibdi. So'ngra hammalari murod-maqsadlariga yetibdilar.