O'tkir Hoshimov

 

Surat

 

 

Dunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:

--O'tirsang-chi, bolam. Birpas o'tirgin.

--Bo'ldi ketdim.

--Shoshma bolam. -- Onam ko'zimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. --Gap bor.

Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga o'tish . . .

--Nima edi?

Onam ko'zimga hamon ma'yus termilib o'tirardi.

--Suratga tushaylik, -- dedi to'satdan.

Ajablandim.

--Nega?

--Yaqinda men o'laman.

Onam bu gapni xuddi: "Qo'shninikiga chiqib kelaman" degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.

--Qo'ysangiz-chi, oyi.

Shunday dedim-da, chiqdim-ketdim.

Oradan ikki hafta o'tdi-yu . . . Kechalari uyg'onib ketaman, o'ylayman. O'ylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga o'shanda kulding? Suratga tushishga vaqting yo'qmidi? Kerak bo'lsa topasan-ku! Kitob uchcun, jurnal uchun, ish ustida, bog'da, ko'chada . . . Nima, sen kinoyulduzimisan? Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har yerda . . . Faqat . . .Onang bilan tushgan surating yoq!

 

 

 

O'tkir Hoshimov, "Dunyoning ishlari".

Toshkent, 1982, 31-bet.